Tayanch tushunchalar
TA’LIM
bilim berish, malaka va ko’nikma hosil qilish jarayoni bo’lib, kishini hayotga mehnatga tayyorlashning asosiy vositasidir. Ta’lim jarayonida bilim o’zlashtiriladi va tarbiya amalga oshiriladi.
Ta’limning mohiyati, maqsadi va mazmuni jamiyatning madaniy taraqqiyoti, fan-texnikasining rivojlanganligi, ishlab chiqarish texnologiyalarining amalga joriy etish darajasi kabilar bilan belgilanadi. Ijtimoiy munosabatlar, umumiy ma’lumotga bo’lgan talab va ehtiyoj, kishilarning kasbiy tayyorgarligiga, ta’lim haqidagi g’oyalarga qarab kishilik jamiyatining turli davr (bosqich)larida ta’limning mohiyati, maqsadi, mazmuni, tashkil etish shakllari, amalga oshirish metodlari va vositalari o’zgarib, takomillashib boradi.
TA’LIMNI BAHOLASH
pedagoglar tomonidan baholash va ta’lim jarayonida erishilgan natijalarni talabalarning o’zlari baholashlarini joriy etish; chetga og’ish aniqlanganda ularning sabablarini aniqlash, ko’nikmalar va bilimlarda topilgan kamchiliklarni to’lg’azish, rejalashtirilgan yangi vazifalarni loyihalashni ham nazarda tutadi.
TA’LIM USLUBI
o’qituvchi (pedagog) bilan talaba (talaba)lar orasida bilim berish va uni olish maqsadida amalga oshiriladigan o’zaro aloqalarni tizimga soluvchi pedagogik tadbirlar.
O’QITISH
o’qituvchi va ta’lim oluvchining birgalikdagi faoliyati va bu jarayonda bolalarning ma’lumot olishi, o’quv ko’nikma va malakasini egallashi, tarbiyalanib, rivojlanib borishi nazarda tutiladi
DIDAKTIKA
grekcha didaskien so’zidan olingan bo’lib, o’qitaman, o’qishni o’rgataman ma’nolarini anglatadi. SHunga ko’ra didaktika – bu o’qitish nazariyasidir. Didaktika o’qitish jarayonining shakllari, metodlari, tamoyillari, mazmuni, vazifasi va maqsadlarini ishlab chiqadi.
DIDAKTIKANING PREDMETI
ta’lim-tarbiya muassasasi sharoitda muallimning rahbarligi ostida amalga oshadigan o’quv jarayonidir. Didaktikada ana shu jarayonning qonuniyatlari tadqiq qilinadi, har xil tipdagi ta’lim-tarbiya muassasalarida u yoki bu darajada beriladigan ta’lim mazmunini belgilashning ilmiy asoslari, o’qitish vositalari va metodlarining samaradorligini oshirish yo’llari hamda ta’limning tashkiliy shakllari ishlab chiqiladi.
METODIKA
Pedagogikaning o’qitish, qonuniyatlari, qoidalari, tashkil etish shakllari, amalga oshirish va natijalarini nazorat qilib baholash metodi hamda vositalarini o’zida mujassamlashtiruvchi fan tarmog’idir. Har bir o’quv fani o’qitish sohasi o’rgatishning vazifalari, mazmuni, metodlari va tashkiliy ko’rinishi haqidagi metodika asosida quriladi.
O’QITISH METODIKASI
bu turli metodlar tizimi bo’lib, o’quv-didaktik materiallardan foydalanish orqali belgilangan maqsadga erishish uchun nazariy dars va amaliy mashg’ulotlar paytida qo’llaniladigan metodlar majmuasidir
METODOLOGIYA
metod va logiya iboralarining birligida bilish faoliyati metodi, tuzilishi vositalari va mantiqiy tartibi haqidagi ta’limot ma’nosini anglatadi. Demak, metodologiya har qanday faoliyatning zaruriy tashkiliy komponentidir.
MA’LUMOT
u ikki ma’noda ishlatilib, ikkisi xam pedagogikaga tegishli. 1. Xabar – o’qish jarayonini amalga oshiruvchi vosita. Bilimli kishining unga talabgor bo’lganlarga bilim berishi, yetkazishi. Ma’lum qilish deb, til va ko’rgazmalar yordamida uni boshqalarga bildirishdir.2. Bilim darajasi. O’qish, bilish, ya’ni borliqdagi ob’ektiv mavjud qonuniyatlarni his qilish natijasida olingan bilimlar yig’indisi – past ma’lumotli, o’rta va yuqori ma’lumotli va xokazo
MA’RUZA
bilimni so’z bilan ifodalash uslublaridan biri sifatida beriladigan bilimlarni og’zaki bayon qilishni ko’zda tutib, o’z hajmining kattaligi, mantiqiy qurilishi, obrazli isbotlash va umumlashtirishning murakkabligi bilan hikoyadan ajralib turadi
PEDAGOGIK TEXNOLOGIYa
ta’lim va tarbiya jarayoniga yangicha yondashuv bo’lib, pedagogikada ijtimoiy-muhandislik ong ifodasidir. U pedagogik jarayonni texnikaviy tafakkur asosida standart holga solib, uning optimal loyihasini tuzib chiqish bilan bog’liq tushunchadir
PEDAGOGIK TAMOYIL
– o’qituvchi va talaba orasidagi munosabatda beriladigan bilim turi, hajmi va mazmuni, shuningdek o’quv qurollari va tarbiyalanuvchilarning ruhiy xususiyatlari va shular oralaridagi zaruriy bog’liqlik (qonuniyat)lardan kelib chiqqan qoidalar
PEDAGOGIK TAJRIBA
ta’lim-tarbiya beruvchi tomonidan ma’rifatning tamoyillari va ta’lim-tarbiya berishning muayyan metod va uslublarini to’liq o’zlashtirish hamda ularni amalda qo’llashdagi real shart-sharoitlarni, bolalar jamoasi va har bir shaxsning o’ziga xosliklarini hisobga olgan holda amaliyotda tatbiq etishdir.
